Turk mutaxassislari Markazda kalibrlash ishlarini o‘tkazdi

21.02.2025 208

Sifat va aniqlik: Turk mutaxassislari Markazda kalibrlash ishlarini o‘tkazdi
 


Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida o‘lchash va sinov amaliyotlarining O‘z DSt ISO/IEC 17025:2019 standartiga muvofiq metrologik kuzatuvchanlik va ishonchliligini ta’minlash borasida o‘rganish ishlari olib borildi.

Shu maqsadda Markazga Turk Standartlar Instituti Gebze kalibrlash direksiyasi (Türk Standartları Enstitüsü Gebze Calibration Directorate) mutaxassislari taklif etildi. Tashrif doirasida tomonlar Tibbiy buyumlar va tibbiy texnika sifati nazorati laboratoriyasida amalga oshirilayotgan o‘lchash va sinov jarayonlarining aniqligi hamda ishonchliligini ta’minlash masalalarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga, Markazdagi universal sinov mashinalarining kalibrlash jarayoni amalga oshirildi. Mazkur uskunalar tibbiy buyumlarning muhim fizik xususiyatlari – “yirtilish kuchi”, “uzilish kuchi”, “kengayishi”, “cho‘ziluvchanligi” hamda “siqishga bardoshliligi” kabi ko‘rsatkichlarini sinovdan o‘tkazishda muhim ahamiyat ega.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-texnik hamkorlikning bu kabi amaliy jihatlari farmatsevtika va tibbiyot sohasidagi sifat nazoratini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.